TCS Hindistonda 7,4 milliard dollarlik sunʼiy intellekt uchun maʼlumotlar markazi quradi

Hindistonlik IT kompaniyasi Tata Consultancy Servicesʼning shoʻba korxonasi HyperVault va uning hamkorlari sunʼiy intellekt uchun moʻljallangan data-markaz qurishga 7,4 milliard dollargacha mablagʻ sarflaydi.
Kompaniya loyiha uchun Haydarobodda 264 akr yer sotib olgan allaqachon. Markaz bosqichma-bosqich quriladi va qurilishi tugagach, uning quvvati 1 gigavattga yetadi.
Obyekt sunʼiy intellekt kompaniyalari va yirik bulutli platformalarga xizmat koʻrsatadi. Unda sunʼiy intellekt modellarini yaratish va ishga tushirish uchun zarur boʻlgan koʻplab ixtisoslashgan chiplar joylashtiriladi.
HyperVault maʼlumotlariga koʻra, qurilishi yakunlangach, bu Hindistondagi sunʼiy intellekt uchun qurilgan eng yirik data-markazlardan biriga aylanadi.
TCS soʻnggi paytlarda anʼanaviy IT xizmatlaridan tashqariga ham kengayib bormoqda. Bir necha kun oldin kompaniya Porscheʼning konsalting va avtomobil texnologiyalari kompaniyasi MHPʼni sotib olish boʻyicha shartnoma imzolagan edi.
Yirik texnologiya kompaniyalari sunʼiy intellektni rivojlantirish uchun tobora koʻproq data-markazlar qurmoqda, chunki yangi modellarni ishga tushirish katta hisoblash resurslari va elektr energiyasini talab qiladi.
Manba: Reuters
Eng soʻnggi bozor tahlillari va moliyaviy sharhlarni toʻgʻridan-toʻgʻri elektron pochtangizga oling. Spamsiz — faqat foydali maʼlumot.





